Abituriyent uchun qo‘llanma

  • Abituriyent o‘qishga kirishdan oldin ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga kerakli hujjatlarni topshiradi.

    Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlar tegishli tavsiyanomani ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga 20-iyulgacha taqdim etadilar, undan keyin topshirilgan tavsiyanoma qabul qilinmaydi.

    Maxsus sirtqi bo‘limlarga o‘rta maxsus ma’lumotga va tegishli ta’lim turi bo‘yicha kamida uch yil amaliy ish stajiga ega bo‘lganlardan hujjatlar qabul qilinadi. Maxsus sirtqi bo‘limlarga kiruvchilardan mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirmasi talab etiladi.

    Abituriyent qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatini shaxsan ko‘rsatadi.

    Abituriyent hujjatlarining to‘liqligi tekshirilgandan so‘ng web kamera orqali suratga tushiriladi va hujjatlari qabul qilinadi. Suratga tushirish uchun alohida burchak yoki xonalar tashkil etiladi. Ushbu surat abituriyentlar bazasiga kiritiladi va DTMga yuboriladi. Suratga tushmagan abituriyentning hujjatlari qabul qilinmaydi. Abituriyentlar tomonidan qayd etilgan talablar bajarilganda ularning hujjatlarini qabul qilish rad etilmaydi. Abituriyentga hujjatlari qabul qilinganligi to‘g‘risida tilxat beriladi.

    Abituriyent 26-iyuldan qabul komissiyasi tomonidan e'lon qilingan binolar va auditoriyalarning reja-chizmalarini diqqat bilan o‘rganib, test topshiradigan binoning qayerda joylashganligi, auditoriyaning tartib raqami va qaysi qavatda ekanligini bilib oladi. Abituriyentlar guruh tartib raqami (auditoriya tartib raqami bilan mos) ko‘rsatilgan ruxsatnomani 27-iyuldan boshlab ta’lim muassasasi qabul komissiyasidan oladi.

    Kunduzgi, maxsus sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari, Qabul to‘g‘risidagi nizomga asosan 3 tilda, o‘zbek, qoraqalpoq (Qoraqalpog‘iston Respublikasida) va rus tillarida, O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida 10-iyul (harbiy oliy ta’lim muassasalarida) va 1-avgust kuni bir vaqtda o‘tkaziladi.

    Test sinovlari o‘tkaziladigan kuni abituriyentlarni binoga kiritish soat 7.30 da boshlanadi. Abituriyent binoga kirishda ruxsatnoma va pasportini shaxsan ko‘rsatadi. Soat 8.00 dan boshlab abituriyentlar o‘z guruhlari raqamiga mos raqamlangan auditoriyaga kiradilar.

    Qabul komissiyasi test sinovlari o‘tkaziladigan binoga abituriyentlar tomonidan mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, aloqa vositalari, shpargalka va shu kabilarini olib kirish harakatini aniqlagan holda abituriyentning ruxsatnomasi olib qo‘yiladi, dalolatnoma yoziladi (ixtiyoriy shaklda) unga OTM qabul komissiya a’zosi imzo qo‘yadi. Abituriyent test sinovlariga qo‘yilmaydi.

    Test jarayoni boshlangandan so‘ng (8.30 dan keyin) abituriyent auditoriyaga kiritilmaydi.

    Test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.

    Abituriyent test sinovlarini ta’lim muassasasida o‘qiydigan tilda va yozuvda (kirill, lotin) topshiradi.

    Savollar kitobi va javoblar varag‘ini olgandan so‘ng, javoblar varag‘i varianti bilan savollar kitobi varianti mosligini har bir fan bo‘yicha sinchiklab tekshirib chiqadi. Savollar kitobining fanlar bo‘yicha test topshiriqlarida tipografik xato yoki boshqa sabablarga ko‘ra to‘la nashr qilinmagan o‘rinlar yoki betlar va shunga o‘xshash xatolar bo‘lsa, darhol auditoriya rahbariga xabar beradi va nuqsonsiz test savollari kitobi hamda javoblar varag‘ini oladi (agar abituriyent soat 9.00 gacha savollar kitobidagi nuqsonlar haqida auditoriya rahbariga xabar bermasa, uning murojaati qabul qilinmaydi). Savollar kitobining tegishli joyiga o‘z familiyasi, ismi va otasining ismini yozib, imzo qo‘yadi. Abituriyent savollar kitobi va javoblar varag‘ining "Abituriyentlar diqqatiga" qismini o‘qib chiqishi va belgilangan qoidalarni bajarishi shart.

    Javoblar varag‘ini to‘ldirishda abituriyent faqat ko‘k (havorang) pastali sharikli ruchkadan foydalanadi. Flomaster, siyohli avtoruchka va gelli ruchkalardan foydalanish man etiladi.

    Abituriyent o‘zi haqidagi ma’lumotlarni javoblar varag‘ining tegishli qismiga titul varag‘idan ko‘chirib yozadi va imzo qo‘yadi. Javoblar varag‘i raqamini titul varag‘i va ruxsatnomasidagi mos kataklarga ko‘chirib yozadi.

    Pasporti seriyasi va raqamini, maxsus kodini, ta’lim muassasasi kodini va tanlov kodini javoblar varag‘ining mos joylariga titul varag‘idan ko‘chiradi va doirachalarni mos ravishda bo‘yaydi.

    Titul varag‘i va ruxsatnomasiga auditoriya rahbari va kuzatuvchilarini familiyasi, ismi va otasining ismini yozuv taxtasidan (doska) ko‘chirib yozadi.

    Har bir fan bo‘yicha javoblarni mos ravishda o‘z joyiga belgilaydi. Chet tili bo‘yicha test topshirayotgan abituriyent mos kelgan tilga tegishli doirachani bo‘yashi shart.

    Har bir test topshirig‘iga faqat bitta javob belgilanadi. Agar bitta topshiriqqa ikki yoki undan ko‘p javob belgilansa, ushbu topshiriqqa ball berilmaydi.

    Javoblarni tanlash uchun 108 ta savolga 3 soat, 72 ta savolga 2 soat vaqt beriladi.

    Javoblarni tanlash-ixtiyoriy. Abituriyent o‘zi tanlagan javoblarini javoblar varag‘ining tegishli blokiga mos ravishda ko‘chiradi. Buning uchun testga ajratilgan vaqtdan tashqari 20 daqiqa vaqt beriladi.

    To‘ldirilgan javoblar varag‘i abituriyentning bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjatdir.

    Javoblar varag‘ining to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir.

    Javoblar varag‘ida tegishli doirachalarni noto‘g‘ri belgilagan, javoblar varag‘ini almashtirgan, fan bloklari o‘rnini almashtirib bo‘yagan, javoblar varag‘ining tegishli bloklarida familiyasi, ismi va otasining ismi, ta’lim muassasasi kodi, maxsus kodi, tanlov kodi, pasport seriyasi va raqamini yozmagan hamda imzo qo‘ymagan, titul varag‘iga javoblar varag‘i raqamlarini yozmagan yoki undagi raqamlarni bo‘yagan abituriyentlarning e'tirozi ko‘rib chiqilmaydi.

    Test sinovi tugagunga qadar abituriyentlarning auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Auditoriyadan chiqqan abituriyentlar qaytadan test sinovlariga qo‘yilmaydi.

    Test sinovini belgilangan muddatdan oldin tugatgan abituriyent savollar kitobi, javoblar varag‘i va titul varag‘ini auditoriya rahbariga topshiradi, abituriyentlar ro‘yxatidagi o‘z familiyasi to‘g‘risiga testni tugatgan vaqtini yozadi va o‘z joyiga borib o‘tiradi. Agar u boshqa abituriyentlarga yordam bersa yoki ularning ishlashiga xalaqit bersa, unga ham test sinovidan chetlashtirish haqida dalolatnoma tuziladi va dalolatnoma javoblar varag‘iga yelimlanadi.

    Abituriyentlar auditoriyada test sinovlarini topshirish qoidalari buzilganligi to‘g‘risida auditoriya rahbari va kuzatuvchisiga murojaat qilishlari mumkin.

    Abituriyent tomonidan savollar kitobi varag‘i yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va test sinovidan chetlashtiriladi. Ushbu haqda dalolatnoma tuzilib, javoblar varag‘iga yelimlanadi.

    Test sinovidan chetlashtirilganlarning javoblar varag‘i o‘qilmaydi va unga ball berilmaydi.

    Abituriyent javoblar varag‘ining tegishli joyini bo‘yash bilan auditoriyadagi test jarayonining borishiga o‘z fikrini bildirishi mumkin.

    Test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng, auditoriya rahbari test sinovi tugaganligini rasman e'lon qiladi. Abituriyentlarning barcha test materiallari: savollar kitobi, javoblar varag‘i va titul varaqlarini auditoriya rahbari va kuzatuvchisi yig‘ib oladi. Bu vaqtda hamma abituriyent o‘z joyida o‘tiradi. Test materiallarini o‘z vaqtida topshirmagan abituriyentlar uchun belgilangan tartibda dalolatnoma tuziladi va uning javoblar varag‘iga yelimlanadi.

    Auditoriya rahbari va kuzatuvchisi test materiallarini sanab qutiga joylashtiradi va qutidagi shaklda belgilangan joyga ikki abituriyent ham imzo qo‘yadi.

    o‘tkazilgan test sinovlari bo‘yicha fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida Davlat test markazida murojaatlarni ko‘rish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda - Komissiya) tashkil etiladi.

    Komissiya tarkibiga Davlat test markazining mas'ul xodimlari va fanlar bo‘yicha ekspertlari kiritiladi. Komissiyaning tarkibi Davlat test markazi direktori tomonidan tasdiqlanadi.

    Murojaat etuvchi test javoblari e'lon qilingan kundan boshlab bir oy davomida Komissiyaga yozma ravishda murojaat qilishi mumkin. Uning arizasi ro‘yxatga olingan kundan boshlab 10 kun ichida ko‘rib chiqilishi lozim (harbiy ta’lim muassasalari abituriyentlarining e'tirozlari ham ta’lim muassasalarining abituriyentlari e'tirozlari bilan bir vaqtda ko‘riladi).

    Ariza murojaat etuvchi ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish jarayonida murojaat etuvchining ota-onasidan biri shaxsini tasdiqlovchi hujjatini ko‘rsatgan holda qatnashishga haqli. Murojaat etuvchi komissiyaga pasporti va ruxsatnomasi bilan belgilangan kuni kelishi shart.

    Arizani ko‘rib chiqish jarayonida murojaat etuvchiga uning javoblar varag‘i ko‘rsatiladi va unga test sinovida yo‘l qo‘ygan noto‘g‘ri javoblari ro‘yxati bilan birgalikda testda tushgan savollar kitobining nusxasi beriladi.

    Murojaatni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha bayonnoma tuziladi va Komissiya a’zolari hamda murojaat etuvchi tomonidan imzolanadi.

    Komissiya xulosasi bo‘yicha ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.

    Murojaat etuvchi o‘z huquqlarini himoya qilishni so‘rab boshqa davlat idoralariga murojaat qilishga haqli.

  • Abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta‘lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15-iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham), O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15-iyundan 10-iyulgacha qabul qilinadi. Abituriyent oliy ta‘lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

    - o‘rta ta‘lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
    - 086-U — shakl bo‘yicha tibbiy ma‘lumotnoma; pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
    - 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat; mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (maxsus sirtqi bo‘lim abituriyentlari uchun); 
    - Rektor nomiga ariza ;
    - tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlar;
    - abituriyent tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.

    DIQQAT!

    Abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent test sinovlaridan (oliy ta‘lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida" 1993-yil 5 fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq hamda Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida" 2008-yil 13-oktyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom hamda Respublika olimpiadalari, tanlovlari va sport musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomlar asosida xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi ta’sis etadigan maxsus guvohnomani olganlar Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy ta’lim muassasalarining mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar. 

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida" 1999-yil 10-iyundagi PF-2326-son Farmoniga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar. 
    O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi va tegishli vazirliklar, idoralar tomonidan har yili o‘tkaziladigan pedagogika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari bitiruvchilari va ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining "Tarbiyachi" respublika tanlovi g‘olibi, tibbiyot muassasalari hamshiralarining "Hamshira" respublika tanlovi g‘olibi, Badiiy akademiyaning tasviriy san'at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari, "Nihol" mukofoti sovrindorlari mazkur vazirliklar, idoralar va jamg‘armalar taqdimnomalariga muvofiq Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy ta’lim muassasalariga, mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat grantlari asosida qabul qilinadilar. 

    Olimpiada fani, tanlovlar bilan oliy ta’lim yo‘nalishlari o‘rtasidagi kasbiy muvofiqlik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. 

    Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari olimpiadalar, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblarining arizalari haqidagi ma’lumotlarni, ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili ko‘rsatilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga 22-iyulgacha bo‘lgan muddatda taqdim etadilar. Davlat komissiyasi 31-iyulgacha g‘olib bo‘lganlar bo‘yicha tegishli vazirliklar, idoralarning taqdimnomasi asosida alohida qaror qabul qiladi.

    Asos: Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozlar to‘risidagi to‘liq ma’limot bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 18-iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan quyidagi Nizom orqali tanishishingiz mumkin: «Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi to‘g‘risida» Nizom

    Harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga beriladigan imtiyozlar

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-son qaroriga asosan muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lgan barcha fuqarolarga respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.

    Abituriyentning to‘plagan ballari uning arizasida ko‘rsatilgan birinchi oliy ta’lim muassasasi bo‘yicha davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishga yetarlicha bo‘lgan taqdirda, uning test sinovi natijalari ushbu oliy ta’lim muassasasida e’lon qilinadi va unga arizasida ko‘rsatilgan ikkinchi oliy ta’lim muassasasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi.

  • Kim tomonidan beriladi?

    Tavsiyanomalar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishgan, zarur bilim darajasiga va namunali harbiy intizomga ega munosib harbiy xizmatchilarga harbiy qism komandirlari tomonidan beriladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston qurolli kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlardan tavsiyanomalarga ega abituriyentlarga kirish testlarida to‘plagan ballarining 50 foizi qo‘shib beriladi.

    Agar abituriyent mazkur imtiyozdan foydalangan holda tanlovdan o‘ta olmasa, mamlakatimizning boshqa oliy o‘quv yurtiga qabul qilish to‘g‘risida ariza topshirishi mumkin. Bunda abituriyent tanlagan boshqa oliy o‘quv yurtiga qabul qilish tasdiqlangan umumiy qabul kvotasi doirasida, imtiyozlar bo‘yicha belgilangan qo‘shimcha ballni hisobga olgan holda, fanlar bo‘yicha topshirilgan test sinovlari fanlar to‘plami (bloki) va abituriyent tomonidan to‘plangan ballarga muvofiq, Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga binoan amalga oshiriladi. Bunday arizalar test sinovlari tugagandan keyin 10 kun mobaynida Ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

    Muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan fuqarolarga berilayotgan bunday imtiyozlar yoshlarimiz o‘rtasida harbiy xizmat nufuzini yanada yuksaltirishda, harbiy xizmat davomida puxta bilim va tayyorgarlikni egallashida ular uchun alohida rag‘batlantiruvchi omil bo‘lmoqda.

    Tavsiyanoma olish uchun...

    Muddatli harbiy xizmatchiga tavsiyanoma berish to‘g‘risidagi qaror harbiy qism komandiri tomonidan ushbu harbiy xizmatchining bevosita komandirlari taqdim etgan taqdimnoma va muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilishida qabul qilingan qarorga asosan qabul qilinadi. Bunda, muddatli harbiy xizmatchining xizmat davridagi harbiy intizomi, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik davomida erishgan natijalari hamda muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘zlashtirilishiga oid yakuniy baholarni aniqlash maqsadida o‘tkazilgan test sinovlarining natijalari inobatga olinadi.

    Harbiy qism komandirlari muddatli harbiy xizmatchiga tavsiyanoma berish yuzasidan xolisona qaror qabul qilinishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

    Har bir harbiy qismda harbiy intizom hamda muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlari uzlashtirib borilishi holatining hisobi yuritib borilishi shart. Guruh, vzvod, batalyon va brigada komandirlari muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat davridagi namunali harbiy intizomi, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligi buyicha natijalarini xolisona baholab borish uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

    Ballar qanday to‘planadi

    Muddatli harbiy xizmatchiga harbiy intizom, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik natijalari bo‘yicha ballar quyish butun xizmat davri davomida amalga oshiriladi.

    Agar muddatli harbiy xizmatchi namunali harbiy intizomi uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomida nazarda tutilgan tartibda rag‘batlantirilgan (muqaddam berilgan intizomiy tazir chorasining bekor qilinishi bundan mustasno) bo‘lsa, unga kuyidagi tartibda ballar qo‘yib boriladi:

    harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa - 5 ball;

    harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni (birlashma komandiri) tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa - 10 ball;

    O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari - Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabi boshlig‘i tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa - 15 ball;

    Tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralari rahbarlari tomonidan rag‘batlantirilgan bo‘lsa - 20 ball.

    Muddatli harbiy xizmatchiga muddatli harbiy xizmat davrida namunali harbiy intizomi uchun ko‘pi bilan 20 ball ko‘yiladi. Bunda, harbiy qism komandiri tomonidan rag‘batlantirishning sonidan qati nazar, 5 balldan ortiq ball qo‘yilmaydi.

    Shuningdek, muddatli harbiy xizmat davomida nazorat-tekshiruv mashg‘ulotlari natijalari bo‘yicha muddatli harbiy xizmatchiga jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik uchun baho qo‘yib boriladi. Muddatli harbiy xizmatchining umumiy tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha baholarning umumiy o‘rtacha arifmetik qiymati chiqariladi.

    Umumiy o‘rtacha arifmetik bahosi 4,0 dan kam bulgan muddatli harbiy xizmatchiga ball qo‘yilmaydi.

    Ballar hisoblangach...

    Test sinovlari o‘tkazilishi boshlanishidan 5 kun oldin harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan Muddatli harbiy xizmatchilarga xizmat davri uchun jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha qo‘yilgan umumiy o‘rtacha baholar va ballarning yig‘ma vedomosti tuziladi. Yig‘ma vedomost muddatli harbiy xizmatchilarning bevosita komandirlari va harbiy qism komandirining o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi va harbiy qism komandiri tomonidan tasdiqlanadi.

    Yig‘ma vedomostdan olingan ko‘chirmalar harbiy qism shtabi boshlig‘ining imzosi va gerbli muhr bilan tasdiqlanib, test sinovlari boshlanishidan 3 kun oldin hamma uchun ko‘rinarli joyga osib qo‘yiladi.

    Diqqat! Test sinovlari

    Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlari o‘zlashtirilganligini yakuniy baholash uchun har bir harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

    Test sinovlarini o‘tkazish muddati tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan DTM bilan kelishilgan holda belgilanadi.

    Muddatli harbiy xizmatchilarni test sinovlaridan o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan test savollarining umumiy soni 80 ta savoldan tashkil topib, ulardan 40 tasi - jangovar tayyorgarlikka oid, 20 tasi - mana’viy-ma’rifiy tayyorgarlikka oid, 20 tasi - mantiqiy testlardan iborat bo‘ladi. Har bir jangovar tayyorgarlikka oid to‘g‘ri yechilgan test savoli uchun - 1,2 ball, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikka oid to‘g‘ri yechilgan test savoli uchun - 1,1 ball, mantiqiy test uchun - 1 ball qo‘yiladi. Test topshiriqlarini yechish uchun 2 soat beriladi. Javoblar varaqasini to‘ldirish uchun 30 daqiqa ajratiladi. Test sinovlari o‘tkazish uchun umumiy vaqt 2 soat 30 daqiqani tashkil etadi.

    40 foizdan oshmaslik kerak

    Avvallari tavsiyanomalar test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan barcha harbiy xizmatchilarga berilgan bo‘lsa, endilikda harbiy tavsiyanoma berishning maksimum miqdori belgilab qo‘yildi. Yani, beriladigan tavsiyanomalarning umumiy soni harbiy qismning ro‘yxatiga kiritilgan muddatli harbiy xizmatchilar sonining 40 foizidan oshmasligi lozim.

    Bir necha nafar harbiy xizmatchining bir xil miqdorda ball to‘plagani bois, 40 foizli cheklashga amal qilishning iloji bo‘lmasa, beriladigan tavsiyanomalar sonini bunday harbiy xizmatchilar soniga mos ravishda oshirishga ruxsat beriladi.

    Xizmat davrida davlat mukofoti bilan taqdirlangan muddatli harbiy xizmatchi test sinovlarining natijalari inobatga olinmay, tavsiyanoma olish huquqiga ega bo‘ladi.

    Shuningdek, endilikda tavsiyanoma olish uchun faqat DTM test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tishning o‘zi kifoya qilmaydigan bo‘ldi.

    Test natijalari olingandan so‘ng, tavsiyanoma berish yuzasidan yakuniy qaror qabul qilish uchun har bir nomzod muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilishida muhokama qilinib, nomzodning xizmat faoliyatiga baho beriladi.

    Harbiy intizomining holati, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik natijalari va test sinovlari bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan muddatli harbiy xizmatchi muddatli harbiy xizmatchilarning umumiy yig‘ilish tomonidan ijobiy qaror qabul qilinganidan so‘ng, tavsiyanoma olishga munosib, deb hisoblanadi.

    Tavsiyanoma berilmaydi

    Yuqori ballar to‘plagan, biroq xizmat faoliyatiga salbiy tavsif berilgan harbiy xizmatchilarga, umumiy yig‘ilish va bo‘linma komandirlarining yozma murojaati asosida harbiy qism komandirining qarori bilan tavsiyanoma berilmaydi.

    To‘plagan ballarining miqdoridan qati nazar, muddatli harbiy xizmati davrida harbiy intizomni qo‘pol ravishda buzgan bo‘lib, ular yuzasidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilgan, harbiy qism komandirining tegishli buyruqlari chiqarilgan muddatli harbiy xizmatchi tavsiyanoma olish huquqiga ega emas.

    Uch yildan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotadi

    Tavsiyanomalarning amal qilish muddati rasmiylashtirib berilgan sanadan etiboran 3 yil muddat davomida kuchga ega bo‘ladi.

    Tavsiyanoma muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilayotgan harbiy xizmatchiga boshqa hujjatlar bilan birga tantanali ravishda topshiriladi.

  • O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat  yo‘nalishlariga test sinovlari topshiriladigan fanlar ro‘yxati

    O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va test bo‘yicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

    Oliy ta’lim muassasasida tanlangan ta’lim yo‘nalishiga qarab abituriyentlar tegishli ravishda ikki yoki uch fan majmualari bo‘yicha test sinovlaridan o‘tadilar.

    Majmuaning har bir fani 36 topshiriqni o‘z ichiga oladi.

    Majmualar quyidagi fanlar bo‘yicha shakllanadi:

    1. Ona tili va adabiyoti

    2. Rus tili va adabiyoti (rus guruhlarda)

    3. Qoraqalpoq tili va adabiyoti (qoraqalpoq guruhlarda)

    4. Matematika (informatika bilan) (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida)

    5. Fizika (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida)

    6. Kimyo (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida)

    7. Biologiya (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida)

    8. Tarix (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida)

    9. Geografiya (o‘zbek, rus, qoraqalpoq tillarida)

    10. Ingliz tili

    11. Nemis tili

    12. Fransuz tili

    Abituriyent chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo‘yicha test sinovi topshiradi. Abituriyent o‘qigan chet tilidan qat’iy nazar, xoхlagan (ingliz, nemis, fransuz) chet tilidan test topshirishi mumkin.

  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi ta’lim muassasalarida Elektron ta’limni joriy etish markazi bilan hamkorlikda navbatdagi yangi - "Abituriyentlarning hujjatlar to‘plamini qaytarib olish uchun elektron murojaat yuborish" xizmati joriy etildi. Oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun topshirilgan hujjatlar to‘plamini imtihon natijalari e’lon qilingandan so‘ng qaytarib olish zaruriyati tug‘ilganda, abituriyentlar Yagona portal orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariza yuborish orqali amalga oshirishlari mumkin.


    Ushbu xizmatdan foydalanish uchun abituriyent kvitansiya blankasini yuklab olib, uni to‘ldirgan holda bank bo‘linmasi yoki aholidan to‘lov qabul qiladigan kassaga taqdim etishi va eng kam ish haqining 15% miqdorida to‘lovni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

    Ushbu to‘lov oliy ta’lim muassasasi, pochta xizmati va sug‘urta xizmatlarini qoplash uchun undiriladi.

    Hujjatlar to‘plami pochta bo‘limi tomonidan abituriyentga yo‘llangan vaqtdan boshlab 3 kun ichida arizachi kabinetiga shtrix kod yuboriladi. Ushbu shtrix kodni "Ro‘yxatga olinadigan pochta jo‘natmalarini qidirish" xizmatiga kiritish orqali pochta yo‘llanmasining holati va turgan joyini aniqlash mumkin.

    Pochta yo‘llanmasi arizachi ko‘rsatgan manzil bo‘yicha eng yaqin pochta bo‘limiga 7 kun ichida yetkazib beriladi. Arizachiga pochta yo‘llanmasi yetib kelganligi to‘g’risida xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma telefon orqali ham yetkazilishi mumkin.

    Joriy etilgan yangi xizmat viloyatlarda, oliy o‘quv yurtidan olisda istiqomat qiluvchi abituriyentlar uchun hujjatlar to‘plamini qaytarib olishda qulay imkoniyat yaratadi.