News

Diqqatni qanday jamlash mumkin?

  • 1-avgust.uz
  • 18:24, 27.03.2016
  • 2
  • Tavsiyalar

“Men shu paytgacha qo‘lga kiritgan narsalarimga qat’iy tartib, puxtalik va g‘ayrat-shijoat, butun diqqatni bir narsaga qaratish bilan erishganman”, degandi mashhur yozuvchi Charlz Dikkens. Haqiqatan, biror sohada muvaffaqiyatga erishgan kishilarning hayot yo‘liga nazar tashlasangiz, ular o‘zlarida ajoyib fazilatlarni shakllantirganiga guvoh bo‘lasiz. Bu haqida jild-jild kitoblar yozilgan. Xo‘sh, ko‘zlangan maqsadga erishish uchun nimalar qilish kerak? Mutaxassislar xuddi shu borada yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi:

Vaqtni boshqaring

O‘z imkoniyatlaringizni o‘rganing. Ish yaxshi unadigan paytda og‘ir vazifalarni bajarib oling. Ko‘pchilik qiyin vazifalarni kunning oxiriga suradi. Natijada kechga borib charchab, qiynalib qoladi. Bu ish samaradorligini pasaytiradigan eng katta to‘siqlardan biridir.

O‘z oldingizga vazifa qo‘ying

Dastlab nimaga erishmoqchiligingizni va unga qancha vaqt ketishini chamalab oling. Maqsadingiz haqiqatga yaqinroq bo‘lsin. To‘g‘ri, yuksak marralarni ko‘zlash kerak. Biroq, maqsad xomxayolga aylanmasligi zarur. Katta vazifalarni mayda qismlarga bo‘ling va shu asosda reja tuzing.

Salomatlikni esdan chiqarmang

Aqliy mehnat chog‘ida ko‘proq suyuqlik iching. Olimlar fikricha, tanada suv yetishmasligi diqqatning susayishiga olib keladi. Lekin boshqa jihat ham bor. Qahva ichishga o‘rganish chalg‘ishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, miya tetiklashishi uchun kofein talab qiladigan bo‘lib qoladi. Eng yaxshisi – jismoniy faollik. Ish orasidagi tanaffuslarda yengil mashqlarni bajaring.

Vaqtida uxlang va uyg‘oning

Ruhshunoslar diqqati susaygan bemorlarga tashxis qo‘yishdan oldin ulardan qancha vaqt uxlashlarini so‘raydi. Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, yetarli darajadagi uyqudan so‘ng aqliy qobiliyat tiklanadi va mustahkamlanadi. Yetti soatdan kam uxlagan odamlar odatda diqqat e’tiborni yaxshi jamlay olmaydi.

Behuda ishlardan o‘zingizni tiying

Internetdagi birorta saytga kirdingiz. Maqolalari sizga unchalik yoki umuman foyda bermaydi. Lekin uzilib, ishga qaytolmaysiz. Ijtimoiy tarmoqlarda kim sizning fikringiz yoki qo‘ygan suratingizni yoqtirganini tekshirasiz. Birrov ko‘z tashlamoqchi bo‘lasiz-u, sahifadan sahifaga o‘tib vaqtni boy berasiz. Natijada yarim soatda bajarishingiz mumkin bo‘lgan ishga kamida ikki-uch soat vaqt sarflaysiz. Jiddiy ish bilan yoki biror narsani o‘rganish bilan shug‘ullanayotganda to‘laqonli mustaqil bo‘lish zarur. Telefon, internet, planshet televizor va shu kabi zamonaviy texnik uskunalar sizni faqat chalg‘itadi.

Muallif: Orif Tolib


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak
  • 1-avgust.uz 18:51, 15.05.2017

    Aynan qaysi test savollari ekanligini info@1-avgust.uz manziliga ma’lum qilsangiz, buni bartaraf etamiz. Biroz sabr qilsangiz loyihamizning yangilangan formatida barcha noqulayliklarni bartaraf etgan holda taqdim etamiz.

  • turdiyeva zilola 09:34, 15.05.2017

    Sizlarning testlaringiz darajasi juda yaxshi menga ma'qul. Lekin javoblari xato ko'rsatilyapti-ku?