News

Chet tilini tez o‘rganishning beshta oddiy usuli

  • 1-avgust.uz
  • 18:18, 01.03.2016
  • 0
  • Tavsiyalar

Chet tilini o‘rganishda sabrsizlik qilmaydigan odam kamdan kam topiladi. Kuf-suf desangu tilni o‘rganib qo‘ya qolsang. Lekin bu u qadar oson ish emas, shu bilan birga, tasavvurdagiday qiyin ish ham emas.

Istalgan xorijiy tilni o‘rganishda muvaffaqiyatni ta’minlaydigan eng muhim jihat bu qobiliyat va istakdir. Qobiliyat masalasida qo‘rqmasangiz bo‘ladi, chunki u har bir odamda bor. 2006 yili amerikalik olim Richard Sparks o‘z tadqiqotlari bilan til o‘rganish uchun allaqanday olamshumul tug‘ma iste’dodlar kerak degan fikr asossiz ekanini isbotladi. Endi istakka kelsak. “Istak – bu minglab imkoniyatdir, xohlamaslik esa – minglab bahonadir” degan hikmatli gap juda topib aytilgan. Bir narsani aniqlab oling: siz tilni o‘rganishni istaysizmi yoki yo‘q? Agar xohishingiz jiddiy bo‘lsa, quyidagi maslahat-yo‘riqlar sizga albatta yordam beradi.

So‘zlashgichlardan foydalaning. Juda ko‘p tilchi olimlar fikricha, tilni so‘zlashgichlar yordamida o‘rganish alohida so‘z va iboralarni, gap qurilishini yodda saqlab qolishga katta turtki beradi. Tilni birinchi shaxs tilidan aytiladigan tayyor jumlalar orqali o‘rganayotgan odam gaplarni shunchaki takrorlamaydi, o‘zini ma’lum holat-vaziyatlarda his etadi. Masalan, do‘konda savdo qilish uchun kerak bo‘ladigan gap-iboralarni o‘rganish asnosida kishi xuddi oldi-sotdi qilayotganday sezadi o‘zini. Rossiyada ingliz tilini chuqurlashtirib o‘rgatishga ixtisoslashgan maktabda tadqiqot o‘tkazildi. O‘quvchilar matnning birinchi shaxs tilidan aytiladigan qismini to‘qson sakkiz foizga esda saqlab qoldi. Bu tilni so‘zlashgichlar yordamida o‘rganish katta samara berishini ko‘rsatadi.

Qoida bo‘yicha ishlang. Mutaxassislar yangi so‘zlarni o‘zlashtirishning juda unumli usulini topdi. Kuniga 30 ta so‘z yodlaysiz, ularning 5 tasi fe’l bo‘lishi kerak. Har kuni lug‘atdagi so‘zlardan alifbo bo‘yicha saralab olasiz. Masalan, bugun “A” harfidagi dastlabki o‘ttizta so‘z tanlansa, ertaga “B” harfidagi o‘ttizta so‘z tanlanadi. Alifbo bo‘yicha to‘liq aylanib chiqilgach, yana “A” harfining keyingi o‘ttizta so‘zi yodlanadi. Bu odat asta-sekin tizim bo‘lib shakllanadi va yodlashingiz borgan sari osonlashadi.

Ushbu usul foyda berishi uchun har kuni so‘z yodlang, dam olish kuni umuman bo‘lmasligi kerak!

She’r va qo‘shiqlarni o‘rganing. Eng yoqimli va samarali usullardan biri xorijiy she’r, qo‘shiqlarni ularning tarjimalari bilan birga o‘rganishdir. Bu usuldan foydalanib ingliz tilini uch oy ichida o‘rganib olganlar juda ko‘p topiladi. Tilshunoslar bu yo‘l she’r va qo‘shiqlarni o‘rganuvchining o‘zi o‘girganda ayniqsa unumli bo‘lishini aytadi.

Mazmunni anglang. Xorijiy tillarni o‘zlashtirish bo‘yicha tadqiqot olib boruvchi ruhshunoslar juda ko‘p odamlar yo‘l qo‘yadigan bitta xatoga e’tibor qaratdi: o‘rganuvchilar ko‘pincha suxandonning gapi yoki diktofondagi suhbatni to‘liq tushunib yetish payida bo‘ladi. Aslida har bir tovushni ilg‘ashga emas, umumiy mazmunni fahmlashga intilish kerak.

Tilning ohangini, ko‘p qaytariladigan so‘zlar va gap qurilishini o‘rganishga harakat qiling. Mayda tafsilotlarga e’tibor qaratmang.

Vaziyatni his qiling. Tilni o‘rganishga kirishgan ilk kunlaringizdanoq atrof-tevarakdagi narsalar, hodisalar va holatlarni ifoda etishga intiling. Masalan, o‘quvchi va o‘qituvchi oshxonadagi suhbatni “uyushtirish”lari mumkin. Albatta, buning uchun ovqatlanishga borish shart emas. Sinfxonaning o‘zida ular xuddi ovqatlanayotgandek muomala qiladi. Suhbat davomida oshxona anjomlari, oziq-ovqatlar va masalliqlar nomi tilga olinadi. Bir-birlaridan nimanidir uzatib yuborishni so‘rashlari mumkin.

Xorijiy tilni o‘zlashtirishning odatiy yo‘sini shunday: oldin gap-so‘zlar va iboralar esda saqlab qolinadi, ke­yin grammatika o‘rganiladi. Masalan, boshqa tilli tengdoshlari orasiga tushib qolgan bolalar chet tilini juda oson o‘rganadi. Gaplarini grammatik jihatdan ham to‘g‘ri tuzadi. Chunki ular til o‘rganish jarayonida hamisha vaziyatning ichida bo‘ladi. Shu sabab ham tilni his qilishlari oson kechadi.

Agar til o‘rganish bilan mustaqil shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz, mashg‘ulotlarga har kuni yarim soat vaqt ajrating. So‘z va iboralarni mavzular bo‘yicha tasniflab o‘rganing. Tevarakda ko‘rayotgan narsalaringizni ifodalashga harakat qiling. O‘zingiz bilan gaplashishdan uyalmang.

Muallif: Orif Tolib


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak