News

Lug‘at boyligini qanday oshirish mumkin?

  • admin
  • 18:08, 21.02.2016
  • 0
  • Tavsiyalar

O‘zini madaniyatli sanaydigan har bir odam ona tilini puxta bilishi kerak. O‘z tilingda aytilgan narsani tushunmay turish juda uyatli holat. Xo‘sh, tilni yaxshi bilish uchun nima qilish kerak? Buning uchun birinchi navbatda lug‘at boyligimiz ko‘p bo‘lishi kerak. Lug‘at boyligi biz biladigan so‘zlar jamlanmasidir. Demak, ko‘p so‘z bilishimiz zarur.

Lug‘at boyligimizdagi so‘zlar ikki xil bo‘ladi: faol va kam qo‘llanadigan. Faol so‘zlar biz og‘zaki va yozma nutqda ishlatadigan so‘zlardir. Kam qo‘llanadigan lug‘at esa biz u yoki bu darajada tushunadigan, ma’nosini to‘liq bilmaydigan, nutqda qo‘llamaydigan so‘zlardir.

Lug‘at boyligi ko‘p bo‘lgan odam til tovlanishlarini, uning o‘ziga xosligini, ohangini, ma’no nozikliklarini ham yaxshi bilsa, yurakdan his qila olsa, chinakam til bilimdoniga aylanadi. Bu yo‘lda birinchi qadamni tashlash – lug‘at boyligini oshirish uchun nimalar qilish kerak? Quyida shu haqda so‘z boradi.

Kitoblar, maqolalar va badiiy adabiyotlarni ko‘p o‘qing. Eng muhimi, ularning ma’no-mazmuniga jiddiy nazar tashlang. O‘qiganlaringizni kasbdoshlaringiz yoki qiziqqanlarga aytib bering.

Matnda tushunarsiz so‘zga duch kelsangiz, gapning umumiy mazmunidan ma’nosini chaqib olaman demang. Izohli lug‘atni ochib, so‘zning asl ma’nosini o‘rganing. Xayolingizda shu so‘z qatnashgan gaplar tuzing.

O‘zingizni qiziqtirgan sohaga oid so‘zlarni lug‘atdan ko‘chirib, qayd qog‘ozlarga yozib chiqing. Qaydvaraqchani hamisha o‘zingiz bilan olib yuring. Chunki bo‘sh vaqtlarda unga qarab, so‘zlarni esga olish, yodlash mumkin.

Yangi o‘rganilgan so‘zlarni qofiyaga solib ko‘ring, ular ishtirokida gaplar tuzing. U anglatadigan ma’noni tasavvuri­ngizda shakllantirishga harakat qiling.

Biror-bir so‘zni o‘zlashtirgandan keyin qaydqog‘ozni yangisiga almashtiring. Yangi so‘zni o‘rganishga kirishing.

Ishingiz samarali bo‘lishini istasangiz, birdaniga ko‘p so‘zni yodlashga kirishmang. Boshida kuniga 7-8 ta so‘z kifoya. Keyinroq qancha so‘zni o‘zlashtirishga qurbingiz yetishi o‘z-o‘zidan oydinlashadi.

O‘rganilgan so‘zlarni amalda qo‘llab ko‘ring. Shunda ular xotirada mustahkam o‘rnashib qoladi.

Muallif: Orif Tolib


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak