News

Oliy harbiy ta’lim muassasalari abituriyentlari uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi

  • 1-avgust.uz
  • 18:25, 11.07.2016
  • 0
  • Abituriyent-2016

Mamlakatimizning barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida 10-iyul kuni davlat test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqida "UzA" xabar bermoqda.

Bugun milliy armiyamizda mustaqillik yillarida tug‘ilib voyaga yetgan, mamlakatimizdagi litsey va kollejlarda zamonaviy ta’lim-tarbiya olgan, ma’lum bir mutaxassislikka ega yigitlar xizmat qilmoqda. Shu bois eski qolip va mezonlardan qat’iy voz kechib, o‘quv-tarbiya ishlari va qo‘shinlarning jangovar xizmat faoliyatini tashkil etishning yangi shakl va uslublari yaratilmoqda, harbiy ta’lim takomillashmoqda. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida zarur kasb ko‘nikmalari va yetakchilik qobiliyatiga ega, intellektual salohiyati yuqori, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilishga qodir ofitser kadrlar tayyorlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2005-yil 19-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida harbiy ta’lim tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada dasturilamal bo‘lmoqda. Ushbu hujjatga muvofiq oliy harbiy ta’lim muassasalarida test sinovlari har yili 10-iyulda o‘tkazilib, kursantlikka qabul qilinganlar ro‘yxati 15-iyulda e’lon qilinmoqda.

Mazkur farmoyish tufayli oliy harbiy ta’lim muassasalarini kursantlar bilan to‘ldirish sifatini yanada yaxshilash uchun puxta tayyorlangan yoshlar orasidan nomzodlarni tanlab olish takomillashtirildi. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlaridan o‘ta olmaganlar boshqa oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishga ulgurmoqda. Bu kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan katta imkoniyatlardan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta’lim muassasalarida yoshlar o‘ttizga yaqin mutaxassislik bo‘yicha tahsil olmoqda. Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida bir necha mutaxassislik bo‘yicha yuqori malakali ofitserlar tayyorlanmoqda. Bilim yurtidagi zamonaviy o‘quv xonalari, qurol-yarog‘ va jangovar texnika, mashg‘ulotlar o‘tkazish komplekslari, sport inshootlari, kutubxona yoshlarni jismonan va ma’nan yetuk insonlar sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda. Malakali professor-o‘qituvchilar to‘rt yil davomida ularga kasb sirlarini o‘rgatmoqda.

Saralash bosqichlaridan muvaffaqiyat bilan o‘tib, test sinovlariga qadar yetib kela olgan abituriyentlar soni o‘tgan yillarga qaraganda ancha ortgan. Bu sohaga bo‘lgan qiziqish oshayotganidan, oliy harbiy ta’lim muassasasida tahsil olib, kelajakda ofitser sifatida elu yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilishni istagan yoshlar safi borgan sari kengayib borayotganidan dalolat.

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida tug‘ilgan, muddatli harbiy xizmatni namunali o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasini qo‘lga kiritgan Bobur Poyonov ushbu oliy harbiy ta’lim muassasasiga hujjat topshirdi.

– Test sinovlariga puxta hozirlik ko‘rdim, o‘zimga ishonaman. Ushbu oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirib, ofitser bo‘lib yetishish va Vatanimga munosib xizmat qilish niyatidaman, – deydi Bobur.

Shu kuni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakultetida ham test sinovlari o‘tkazildi. Undan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar aloqa, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari kabi sohalarda mutaxassis bo‘lib yetishadi.

– Test sinovlariga qadar yetib kela olganimdan xursandman, – deydi Nukus temir yo‘llar kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Ashirbek Karlibayev. – Tinimsiz o‘qib-izlanganlarim, sport bilan muntazam shug‘ullanib, tayyorgarligimni har doim mustahkamlab kelganim bunda qo‘l keldi. Nasib etsa, maqsadimga erishaman va ofitser bo‘laman.

Shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Doston Bozorov ham harbiy xizmatni qalb amri, deb biladi. Shu yo‘lda tinmay izlanib, bilim va malakasini oshirib kelyapti. Dastlab muddatli harbiy xizmatni o‘tadi, namunali va peshqadamligi tufayli harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasini ham qo‘lga kiritdi. Keyin harbiy xizmatda shartnoma asosida qoldi. Ayni paytda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida xizmat qilyapti. Maqsadi qat’iy, intiluvchan o‘g‘lon oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish niyati borligini komandirlariga bildirgan edi, ular buni qo‘llab-quvvatladi.

Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida ham abituriyentlar davlat test sinovlarini topshirdi.

Ayni paytda bilim yurtida avtomobil qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi, raketa, qurol-aslaha, o‘q-dori taktik qo‘mondonligi, artilleriya taktik qo‘mondonligi singari yo‘nalishlar bo‘yicha Qurolli Kuchlarimiz uchun yuqori malakali professional kadrlar tayyorlanmoqda. E’tiborlisi, ushbu mutaxassisliklarni egallab, milliy armiya saflarida xizmat qilishni orzu qilgan yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Joriy yilda bilim yurtiga o‘qishga kirishda bir o‘ringa olti nomzod to‘g‘ri kelayotgani ham shundan dalolat beradi.

– Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash jarayonida harbiy mutaxassislikka bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqim qat’iy maqsadga aylandi, – deydi abituriyent F.Rahmatullayev. – Shu bois xizmatdan so‘ng serjantlar tayyorlash maktabida o‘qib, kichik komandir sifatida milliy armiyamizda xizmatimni davom ettirdim. Endilikda oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘qib, sohaga oid bilimlarimni yanada mustahkamlamoqchiman.

Mamlakatimizning harbiy mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi muassasalaridan biri – Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga kirish uchun o‘tgan yilgiga qaraganda ikki yuz nafar ko‘p yosh hujjat topshirdi. Belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovdan o‘tgan abituriyentlar davlat test imtihonlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Abituriyentlar tarkibida harbiy yo‘nalishdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarni bitirgan, muddatli harbiy xizmatni o‘tab harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasini olgan yoshlar soni ko‘pchilikni tashkil etayotir. Harbiy aviatsiya muhandisi, vertolyot uchuvchisi bo‘lib yetishishni maqsad qilgan yoshlarning soni oshishi bilan birga ularning bilimi, intellektual salohiyati ham o‘sib bormoqda.

– Orzuim harbiy mutaxassis bo‘lib, Vatanimizga xizmat qilish, – deydi Qo‘shko‘pir tumanidan kelgan abituriyent Elyorbek Olloyorov. – Bu yil Urganch harbiy-yuridik yo‘nalishidagi akademik litseyini bitirib, orzuimni amalga oshirish yo‘lida dastlabki maqsadimga erishdim. Jizzaxdagi ushbu oliy harbiy bilim yurtiga kirish uchun testgacha bo‘lgan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdim. Davlat test sinovlariga ham qattiq tayyorgarlik bilan kelganman. Yuqori ball to‘plab, bu sinovdan ham o‘tishimga ishonaman.

Mamlakatimizdagi barcha harbiy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida ham davlat test sinovlari o‘tkazildi.

Mazkur bilim yurtida harbiy ta’lim jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalari va simulyatsiya vositalaridan keng foydalanilmoqda. Kursantlarning harbiy mutaxassis sifatidagi mahorati, ko‘nikma va malakasi, ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirish ishlari uyg‘un olib borilayotir. Bilim yurtida hayotini harbiy kasb bilan bog‘lagan yoshlar tank, havo-desant, zenit-raketa qo‘shinlari, terrorizmga qarshi kurash va maxsus operatsiya kuchlari bo‘linmalari taktik qo‘mondonliklari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishib chiqmoqda.

Joriy yilda ham Vatanga xizmat qilish, uning mudofaasini mustahkamlashdek sharafli vazifani o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan abituriyentlar harbiy ta’lim muassasalariga hujjat topshirdi.

– Andijon viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga imtiyozli kirish uchun harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasi – o‘qishga kirishda to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ball olish imkoniyatiga ega bo‘ldim, – deydi Shahrisabz tumanidan kelgan abituriyent Bahodirbek Nafasov. – Ushbu bilim yurtiga kirish test sinovlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim. Test natijalari e’lon qilinganda yuzim yorug‘ bo‘lishiga ishonaman.

Eslatib o‘tamiz, nizomga ko‘ra, oliy harbiy ta’lim muassasalarida test natijalari 15-iyul kuni e’lon qilinadi. Shunda test sinovlaridan qoniqarli natija ko‘rsata olmagan abituriyentlar respublikaning harbiy bo‘lmagan boshqa OTMlariga yana bir bor hujjat topshirishga ulguradi.


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak