News

O‘zbekistondagi barcha OTMlarda qabul komissiyasi ish boshladi

  • 1-avgust.uz
  • 11:15, 20.06.2016
  • 1
  • Abituriyent-2016

O‘zbekistondagi Oliy ta’lim muassasalari yangi 2016-2017 o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilishni boshladi. Hujjatlarni qabul qilish 20-iyulga qadar davom etadi, deya xabar bermoqda "Kun.uz".

Universitet va institutlarda qabul komissiyalari ertalabki soat 09:00dan soat 18:00gacha ishlamoqda.

Joriy yilda O‘zbekiston bo‘yicha 476 mingdan ortiq o‘quvchi umumta’lim maktabini bitirdi.

O‘tgan yili OTMlarga 550 ming abituriyent hujjat topshirgan, 2014-yilda bu ko‘rsatkich 543 ming nafarni tashkil qilgan.

Kirish imtihonlari 1 avgust kuni o‘tkaziladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan, bakalavriatga qabul qilish uchun abituriyentlardan so‘raladigan hujjatlar ro‘yxati

1. Rektor nomiga ta’lim yo‘nalishini, o‘qish olib boriladigan til va shaklni ko‘rsatgan holda ariza. Arizada oliy ma’lumoti yo‘qligi/oliy o‘quv yurtini tamomlamaganligi to‘g‘risidagi, abituriyent test sinovlarini qaysi tilda topshirmoqchi ekanligi to‘g‘risidagi hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari bilan hamda javob varaqlarini to‘g‘ri to‘ldirish tartibi bilan tanishgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

2. O‘rta ta’lim muassasasini (11-sinf), o‘rta maxsus ta’lim muassasasini, akademik litseyni tamomlaganlik to‘g‘risidagi hujjat.

3. Tibbiy ma’lumotnoma (086-U-shakl).

4. Pasportning ko‘chirma nusxasi (pasport olish yoshiga yetmagan shaxslar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning ko‘chirma nusxasi).

5. 3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi 6 ta rangli fotosurat.

6. O‘qishga tanlovsiz kirish huquqini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasi (xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari uchun).

7. Mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma, ish joyidan tavsifnoma (ta’limning sirtqi shakli bo‘yicha o‘qishga kirayotgan abituriyentlar uchun).

8. O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun Qurolli Kuchlar bo‘linmalari tavsiyanomalarining asl nusxalari (muddatli harbiy xizmatni o‘tagan shaxslar uchun).

Abituriyent pasporti (pasport olish yoshiga yetmagan shaxslar esa tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini) va harbiy bilet (harbiy hisobda turganlik guvohnomasini) qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatadi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan shaxslarning tavsiyanomalari olingan paytidan e’tiboran 3 yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlar tegishli tavsiyanomani ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga 20-iyulgacha taqdim etadilar, undan keyin topshirilgan tavsiyanoma qabul qilinmaydi.

Abituriyentlar tomonidan qayd etilgan talablar bajarilganda ularning hujjatlarini qabul qilish rad etilmaydi. Abituriyentga hujjatlari qabul qilinganligi to‘g‘risida tilxat beriladi.

Yuqorida aytib o‘tilgan hujjatlar bo‘lgan taqdirda qabul komissiyasi ularni qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Kunduzgi, maxsus sirtqi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari, Qabul to‘g‘risidagi nizomga asosan 3 tilda, o‘zbek, qoraqalpoq (Qoraqalpog‘iston respublikasida) va rus tillarida, O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida 10* iyul va 1-avgust kuni bir vaqtda o‘tkaziladi (*bilan ko‘rsatilgan sana harbiy oliy ta’lim muassasalariga tegishli).


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak
  • Qurboniyozov Nazarbek 21:37, 22.06.2016

    hammaga omad