News

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi

  • admin
  • 21:21, 13.05.2016
  • 2
  • Abituriyent-2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 13-maydagi farmoniga binoan poytaxtda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etiladi, deya xabar bermoqda "Gazeta.uz".

Unga ko‘ra Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari hamda Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etiladi. 

Universitet hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning hamda ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida tashkil etiladi. 

Universitet tarkibida 3 ta fakultet: o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Universitet tarkibiga o‘tkazilib, uning negizida O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etiladi. 

Universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • o‘zbek tili va adabiyotini, uning o‘ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash;
  • ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o‘zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash;
  • talaba yoshlarni, o‘zbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan va mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash;
  • o‘zbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning o‘zbek va jahon tilshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, o‘zbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bog‘liq ilmiy muammolarni tadqiq etish;
  • o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan mukammal akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish;
  • umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitishning yangi va samarali metodlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish;
  • ona tilimizning internet jahon axborot tarmog‘ida munosib o‘rin egallashini ta’minlash, uning kompyuter uslubini, o‘zbek tili va dunyodagi yetakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug‘atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog‘liq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish;

Universitetda o‘quv jarayoni 2016/2017 o‘quv yilidan boshlab tashkil etiladi.

Universitetning bosh binosi oldidagi maydonda ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish rejalashtirilgan.


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak
  • Akimniyazova Tumaris 16:51, 02.06.2016

    Alisher Navoyi universitetda russ fakulterlar bormi?

  • Akimniyazova Tumaris 16:50, 02.06.2016

    Bu univerda russ guruhi bormi?