News

2018-yildan boshlab test sinovlari natijalari test o‘tkazilgan kunning ertasigayoq e’lon qilinadi, ba’zi oliygohlarda esa test sinovi o‘tkazilmaydi

  • 1-avgust.uz
  • 23:23, 16.11.2017
  • 1
  • Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deya xabar berdi O‘zA.

Qarorda so‘nggi yillarda test sinovlari orqali oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda qator kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgani ta’kidlanadi. Xususan, “test sinovlarini o‘tkazish tartib-qoidalari, test sinovlari natijalarini e’lon qilish va uni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bera olmayapti. Bu hol manfaatdor jamoatchilikning, ayniqsa, ota-onalarning test sinovlarini o‘tkazish jarayonlariga haqli ravishdagi e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda va har yili ularning ushbu masala yuzasidan qariyb 4 mingdan ziyod asosli murojaatlari kelib tushmoqda”, deyiladi qarorda. 

Shuningdek, qarorda test sinovlarini o‘tkazishning moddiy-texnik ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni ham butunlay qaytadan ko‘rib chiqish lozimligi ta’kidlanadi. “Test sinovlari natijalari 2000-yilda xarid qilingan 4 ta optik skaner orqali chiqarilishi, test materiallarini chop etishga mo‘ljallangan ofis texnikasi (printer va komputerlar) ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirib ketganligi oqibatida test sinovlari natijalari qariyb 15-20 kunga cho‘zilib e’lon qilinishi bugungi kun talablariga javob bermaydi”, deyiladi qarorda. 

So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar soni keskin ortib bormoqda. Yildan-yilga o‘sish o‘rtacha 10 foizni tashkil etib, xususan, 2016-yilda 663 ming, 2017-yilda 729 ming nafardan ziyod abituriyent oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Tahlillarga ko‘ra, 2018-yilda oliy ta’lim muassasalariga 810 mingdan ortiq abituriyentning hujjat topshirishi kutilmoqda. 

Abituriyentlar sonining keskin o‘sishi mos ravishda auditoriya nazoratchilari sonining va test materiallari hajmining ortib borishiga hamda test sinovlarini o‘tkazishga salbiy ta’sir ko‘rsatib, qator muammolarni yuzaga keltirgan. Jumladan, auditoriya nazoratchilarining test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha yetarli amaliy ko‘nikmalarga ega emasligi hamda ularning javobgarlik darajalari aniq belgilanmagani, test sinovlari uchun tanlangan bino va auditoriyalarning jihozlanishi mavjud talablarga javob bermasligi, binolarning oliy ta’lim muassasalari bosh shtabidan uzoq masofada va tarqoq joylashgani, binolarning shaxsni aniqlovchi foto va video qurilmalari, test sinovlarida foydalanishi man etilgan vositalarni aniqlovchi zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlanmaganligi, auditoriyalarda videokuzatuv kameralarining mavjud emasligi test sinovlarini o‘tkazish jarayonining shaffofligini ta’minlash va uni nazorat qilish sifatining tushib ketishiga olib kelgan. 

Bundan tashqari, test sinovlarini o‘tkazishning amalda bo‘lgan tartibi test natijalarini qisqa muddatda hisoblab chiqarish imkonini bermagan. 

Yuqorida qayd etilgan muammo va kamchiliklar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishini yetarli darajada ta’minlash imkonini bermagan va oqibatda abituriyentlar hamda ularning ota-onalari e’tirozlariga sabab bo‘lgan. 

O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli, xolis va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori qabul qilinishi yuqorida qayd etib o‘tilgan muammolarning o‘z yechimini topishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. 

Ushbu qarorga ko‘ra, 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari 1-avgustdan 15-avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkazilishi va test sinovlari natijalari test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi belgilandi. 

Shuningdek, ushbu hujjatda abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan. 

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, 2017/2018-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlari Toshkent shahrida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida hamda uning hududida qo‘shimcha yig‘ma pavilonlar o‘rnatilib, ulardan samarali foydalangan holda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa Olimpiya zaxiralari kollejlari yoki joylardagi boshqa muassasalarning katta sig‘imdagi binolarida, test jarayonining oshkora va shaffofligini ta’minlagan holda, videokuzatuvlar orqali onlayn tizimda jamoatchilikka, shu jumladan, abituriyentlarning ota-onalariga ko‘rsatib o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. 

Shu bilan bir qatorda test sinovlari jarayonlarini muntazam rivojlantirib borish, test topshiriqlarining sifatini oshirish, testologiya fani bo‘yicha xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rganish hamda ularni amalda tatbiq etish maqsadida ilg‘or xorijiy o‘quv va ilmiy muassasalarda mutaxassislar malakasini doimiy oshirib borish ham qarorda o‘z aksini topgan.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qarorda belgilab berilgan maqsad va vazifalar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarining adolatli, xolis va shaffof o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi hamda oliy ta’lim muassasalariga o‘qish uchun bilimli, iqtidorli va munosib nomzodlarni tanlab olishga zamin yaratadi.


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak
  • xushvaktov sardor 13:56, 20.11.2017

    yaxshi