News

Oliy harbiy ta’lim muassasalari abituriyentlari uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi

  • 1-avgust.uz
  • 19:17, 05.07.2017
  • 0
  • Abituriyent-2017

Mamlakatimizning barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida 5-iyul kuni davlat test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda DTM matbuot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilning 5-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasiga qarashli jami 10 ta oliy harbiy ta'lim muassasasida test sinovlari o‘tkazildi. Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta'lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risida Nizom” asosida amalga oshirildi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga xujjat topshirgan 7680 nafar abituriyent test sinovlariga ishtirok etdi. Ushbu muhim tadbirda 838 nafar davlat test markazi vakillari va auditoriya nazoratchilari jalb etildi. Test sinovlari barcha oliy harbiy ta'lim muassasalarida amaldagi tartibda belgilangan vaqtda boshlandi va yakunlandi.

Mamlakatimizdagi barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi 5-iyul kuni Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida ham abituriyentlar davlat test sinovlarini topshirdi.

Ushbu harbiy bilim yurtida avtomobil bo‘linmalari taktik qo‘mondonligi, artilleriya qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi, front orti ta’minoti taktik qo‘mondonligi singari olti yo‘nalish bo‘yicha Qurolli Kuchlarimiz uchun yuqori malakali professional kadrlar tayyorlanmoqda. Milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida harbiy xizmatchilar uchun davlatimiz tomonidan keng imtiyoz va imkoniyatlar berilishi yoshlarning ushbu sohaga qiziqishini oshirmoqda. Jumladan, bu yil 3 ming 800 ga yaqin yoshlar Samarqand avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida o‘qish istagini bildirgan. Ular orasidan uch bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 1 ming 200 dan ortiq nomzodlar yakuniy test sinovlariga kirdi.

Shuningdek, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida ham davlat test sinovlari o‘tkazildi. Joriy yilda mazkur bilim yurtiga o‘qishga kirish uchun saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 746 abituriyent test sinovlarini topshirdi.

Bilim yurtida bir necha mutaxassislik bo‘yicha yuqori malakali ofitserlar tayyorlanmoqda. Barcha sharoit muhayyo etilgan zamonaviy o‘quv xonalari, sport majmualari, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda, o‘quv jarayoniga ta’limning innovatsion shakl va usullari joriy etilayotgani yoshlarning malakali ofitser bo‘lishiga xizmat qiladi.

Prezidentimiz rahnamoligida kursantlarning harbiy mutaxassis sifatidagi mahorati, ko‘nikma va malakasi, ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida 28 mutaxassislik bo‘yicha ofitser kadrlar tayyorlanmoqda. Ta’lim dargohlarida bo‘lajak ofitserlarning zamonaviy o‘quv-texnik va ma’naviy-axloqiy bilimlarni puxta o‘zlashtirishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Test sinovi natijalari yaqin kunlarda e’lon qilinadi. 


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak