News

Repetitorlik fenomenti: Sifat muhimmi yoki natija?

  • admin
  • 19:24, 15.10.2016
  • 0
  • Bu qiziq

REPETITOR KERAKMI?

— O‘qishga tayyorlanish uchun repetitorga boryapman, — deydi Jalaquduq pedagogika va iqtisodiyot kolleji o‘quvchisi Javohir Parpiev. — Kollej darslarida ham kerakli bilimlar beriladi, albatta. Lekin bu test savollariga javob topish uchun yetarli emas, deb o‘ylayman. Repetitor esa aynan o‘sha testlarda so‘raladigan ma’lumotlarni saralab yodlatadi.

 Repetitorga qatnovchi yoshlar orasida so‘rov o‘tkazganimizda, ularning qo‘pchiligi ta’lim muassasasidagi darslardan qoniqmasligini (bu masala gazetamizning o‘tgan sonlaridan birida yoritilgan edi) aytishdi. Repetitorga borishdan maqsad esa, test ishlashni o‘rganish. Ha, aynan test ishlashni. Muayyan bir fanning sir-asrorlarini emas!

Bu masalalarga aniqlik kiritish uchun poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan repetitorlarning darslarini kuzatdik. Aksariyat repetitorlar akademik litsey o‘qituvchilari bo‘lib, ular darsni ta’lim muassasasidagi asosiy mashg‘ulotlar tugagandan so‘ng o‘tishar ekan. Repetitorlar bergan ma’lumotga qaraganda, xususiy mashg‘ulotlarga keluvchilar orasida kollejga nisbatan litsey o‘quvchilari ko‘proq.

Akademik litseylar O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga asosan, oliy o‘quv yurtiga tayyorlaydigan ta’lim muassasasi hisoblanadi. Buni inobatga oladigan bo‘lsak, gap yana ta’limning sifatiga borib taqaladi. Xo‘sh, akademik litsey o‘z faoliyatiga ko‘ra, oliy ta’limga tayyorlovchi muassasa ekan, nima uchun bu vazifani litseyning o‘zi uddalamasligi kerak? Repetitorlik fenomeni taraqqiy etganining sabablarini, avvalambor, o‘rta-maxsus ta’lim muassasalaridan, javobgarlikni esa ularning rahbarlaridan so‘rash kerak emasmi? Axir, litseylar shu maqsadda ochilmaganmi? Yo darslarga ajratilgan soatlar noto‘g‘ri taqsimlanganmi? Balki gap guruhlarda o‘quvchilarning ko‘pligidadir (30-40 tagacha)?!

— Litsey darslarining o‘zida ham o‘quvchilarimni testlarga tayyorlab borishga harakat qilaman, — deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi akademik litseyning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Sanobar Qo‘ldosheva. — Biroq buning o‘zi yetarli emas. Sababi litsey mashg‘ulotlarida o‘sha bir soatlik dars uchun mo‘ljallangan mavzu o‘tiladi. Testlarning 50 foizi esa maktab darsliklaridan tuzilgan. O‘quvchi maktabda mavzularni yaxshi o‘zlashtirgan taqdirda ham, testda so‘raladigan fakt, nazariy ma’lumotlarni unutgan bo‘ladi. Mana shu o‘rinda o‘quvchi repetitorga ehtiyoj sezadi. O‘quvchi maktab, litseyda umumiy bilimni olaveradi, repetitor esa aynan kirish imtihoni testlariga e’tiborni qaratib, bir fan bo‘yicha chuqurroq bilim beradi.

REPETITORLIKNING NARXINI KIM BELGILAYDI?

Fanlar belgilaydi. Aniqrog‘i, uning narxi siz qaysi fanni o‘qimoqchi ekaningizga bog‘liq. Bu hali hammasi emas. Bunda o‘sha fan siz kirmoqchi bo‘lgan ta’lim muassasasi test sinovlarida nechanchi blokda turganiga qarab belgilanadi. Qiziq-a? Bitta o‘qituvchining darsiga keluvchi o‘quvchilarda bitta fan turli blokda turadi. Masalan, matematika qaysidir o‘quvchi uchun birinchi blok fani, boshqasi uchun uchinchi blok hisoblanadi. Bitta auditoriyada o‘tirgani bilan test­da birinchi blok matematikani topshiradigan bola, uchinchi blokda shu fanni topshiradigan bolaga nisbatan ikki karra ko‘p pul to‘laydi. Yana bir qiziq jihati shundaki, har bir fan bo‘yicha narxlar kelishilgan. Mazkur mavzuni o‘rganish jarayonida tillarni o‘qitish eng qimmat turishiga guvoh bo‘ldik. Bugungi kunda ingliz tili fanini o‘qitish oyiga 200-400 ming so‘mdan. Keyingi o‘rinda aniq fanlar turadi. Matematika bo‘yicha bir soatlik dars 30-40 ming so‘m. Xo‘sh, bu narx o‘zini qanchalik oqlaydi?..

— Universitetga kirish uchun ing­liz tilidan ko‘plab repetitorlarga qatnaganman, — deydi O‘zDJTU talabasi Nargiza Norqo‘zieva. — Ularning hammasi ham grammatika bilan bog‘liq qoidalarni yodlatgan. Lekin repetitorlarning hech qaysisi dars davomida ingliz tilida birorta ham so‘z aytmasdi. Maqsad test savollarida so‘raladigan grammatika qoidalarini yodlatish edi.

Tillar bo‘yicha repetitorga qatnagan qaysi yigit yoki qiz bilan gaplashmaylik, javobi yuqoridagidek bo‘ldi. To‘g‘ri, testlarga javob topishni o‘rgatishni va’da qilib, “mijoz”lar sonini  anchagina ko‘paytirib olish mumkin. Biroq maqsad bilim o‘rgatishmi yoki qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham pul topishmi?

“LITSENZIYA DEGANINGIZ NIMASI?”

Repetitorlik xususiy o‘qituvchilik faoliyati ekan, uning qonun bilan bog‘liq jihatlariga qiziqmaslikning iloji yo‘q. Xo‘sh, repetitorlik haqida qonunchilikda nima deyiladi?

— Bu ham xususiy tadbirkorlikning bir shaklidir, — deydi  huquqshunos Nosirjon Asqarov. — Shunday ekan, bu faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish qonunga xilofdir. Repetitor darslari uchun haq to‘lanadimi, demak, bunda aniq bir kirim, daromad bor va u soliqqa tortilishi shart. Xulosa qilib aytganda, qonuniylashtirilmagan faoliyat olib boradigan repetitor ham litsenziyasiz tadbirkorlik bilan shug‘ullangani uchun, ham tijorat orqali doimiy daromadga ega bo‘la turib davlatga belgilangan soliqni to‘lamagani uchun javobgarlikka tortiladi.

Qonun belgilagan talablar shunday ekan, bunday izohga hojat yo‘q. Biz repetitorlarning o‘zlaridan litsenziya haqida so‘raymiz.

Ko‘pchilikdan olgan javobimiz esa shunday bo‘ldi: “Litsenziya? Qanaqa litsenziya? Nimalar deyapsiz?!”

KIM KO‘P TEST YODLAYDI?

Davlat test markazi tomonidan o‘tgan yillarda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari savollari jamlangan axborotnomalar chop etilganiga ko‘zingiz tushgandir. Abituriyentlar orasida bu kitobchalar “Variant” nomi bilan mashhur. Hoynahoy, bu kitobchalardan repetitorlar ham shogirdlarining bilimlarini sinashda foydalanadi, deb o‘ylayotgandirsiz. Ha, to‘g‘ri, lekin bilim sinashda emas. Aniqrog‘i, bilimni repetitorlar aynan shu kitobchalar yordamida berishga harakat qilar, ya’ni ulardagi test­larni birma-birma yodlatar ekan.

— Uchala fandan ham repetitorga borganman, — deydi Respublika tibbiyot kolleji bitiruvchisi,  Zeboxon Tojixonova. — Testlarni rosa yodlaganman. Imtihon kuni umuman boshqa savollar tushgan.

Test yodlatish... Bu balki, bilim berishning yangicha usulidir? Keling, bu usulning samaradorligini sinab ko‘ramiz. 2013 yilda ona tili fani test variantlari ichida quyidagi savolga to‘xtalamiz: “Sof ko‘makchilar qatorini aniqlang”. Xo‘sh, bu test savolini javobi bilan birga abituriyent yodlab oldi ham deylik. Imtihonda sof ko‘makchilar haqida savol tushdi, biroq variantlarda endi boshqa so‘zlar — test yodlagan abituriyent nima qilsin?

O‘sha yilgi testlar ichidan yana quyidagisini ham ko‘rib o‘tish mumkin: “Shuhratning 1965-yilda yozilgan qaysi asari uning nomini elga mashhur qilgan?”. Abituriyent bu savolni ham javobi bilan birga osonlikcha yodlab olishiga, hatto imtihon kuni to‘g‘ri variantni belgilay olishiga ham shubhamiz yo‘q, biroq  asarning o‘zini o‘qimay turib, u nimasi bilan yozuvchini xalq­qa tanitganini abituriyent qanday tushunib yetadi? Yoki adabiyot xronologik ma’lumotlar, faktlarni quruq yod olish ilmimi? 

ABITURIYENT TALABA BO‘LGANDA...

Albatta, natijani muhim biladilar. Talaba bo‘lish orzusidagi abituriyent “O‘qishga kirsam bo‘ldi” deydi. Biroq o‘qishga kirgandan keyin-chi?..

— Kirish imtihonlarida eng yuqori ballarni olgan talabalar mashg‘ulotlar boshlangach, eng elementar tushunchalarni ham anglamay tursa, avvaliga hayron bo‘lardim, — deydi O‘zDJTU o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi Feruza Hayitova. — Masalan, “Ravish nima?” degan savolni bersam, ta’rifini so‘zma-so‘z aytishadi, biroq matnda topib bera olishmaydi. Keyinchalik gaplashganimda, ularni repetitorlar o‘qishga tayyorlagani, nazariy ma’lumotlarni qo­yilmaqom yodlatgani, biroq tushuntirib bermaganini bildim. Eng achinarlisi, shunday talabalarga yozma vazifalar topshirganimda, nihoyatda ko‘p imlo xatolariga yo‘l qo‘yishadi. Bu ularning kollej-litseydagi darslarni qoldirib, faqat test yodlagani tufaylidir. Zero, til, adabiyotni bilish nazariy faktlarni yodlash bilan kifoyalanmaydi. Qolaversa, tilni o‘rganishda og‘zaki va yozma nutqni rivojlantirish juda muhim.  

HAR KIMNING O‘Z YONDASHUVI BOR...

So‘zimiz avvalida, bilimning ham yangi asrga kelib, tovar xususiyatiga ega bo‘lgani haqida gapirdik. Har qanday tovarning sifati haqidagi eng to‘g‘ri fikrni esa har doim iste’molchi — bu holatda repetitor xizmatlaridan foydalangan talabalar aytadi:

— Repetitorlik kerak, — deydi O‘zDJTU talabasi Iroda Muhitdinova. — Albatta, o‘z ishiga faqat daromad manbai sifatida qaraydiganlar ham topiladi. Biroq, chinakam mustahkam bilim berib, oliy o‘quv yurtlariga puxta tayyorlaydigan repetitorlar ham bor.

— Kirish imtihonlariga mustaqil tayyorlanish ham mumkin, — deydi O‘zMU talabasi Feruza Xayrullaeva. — Buning uchun alohida repetitorning yordami shart emas. Axir, imtihon kuni beriladigan savollarning barchasi ham maktab, litsey o‘quv dasturlaridan olinadi. Demak, imtihon kuniga qadar o‘tilgan mavzularni takrorlash, test yechishni mashq qilib borishning o‘zi kifoya.

Ko‘rib turganimizdek, har qanday ijtimoiy hodisa kabi repetitorlik ham o‘zining ijobiy va andak salbiy jihatlariga ega.

Repetitorlik ta’lim shakli ekan, demak, bu soha bilan oliy ma’lumotli, tajribali pedagoglar shug‘ullanishi lozim. Qolaversa, repetitorlik litsenziyasining berilishi uchun ma’lum talablar, xususan, attestatsiya tizimini joriy qilish, sohani tartibga solish kerakdir.

Mohlaroyim Qayumova


Boshqa yangiliklar:

Kechirasiz, fikr qoldirishingiz uchun ro‘yhatdan o‘tishingiz kerak